Mundarija
- Daromad va xarajatlar hisobi nima beradi
- Do'kon xarajatlarini qaysi kategoriyalarga bo'lish kerak
- Xarajatni telefonda qanday yozish
- Kassadagi chiqim bilan xarajatning farqi
- Pul qayerga ketayotganini qanday ko'rish mumkin
- Xodimlar oyligi xarajatga o'zi tushadi
- Xarajat hisobini yuritishda foydali odatlar
Daromad va xarajatlar hisobi nima beradi
Ko'p do'kon egasi ishni kassadagi pulga qarab baholaydi: pul bor, demak ish yaxshi. Aslida kassaning to'laligi foyda borligini bildirmaydi. Bu oy ijara hali to'lanmagan, tovar puli berilmagan bo'lishi mumkin, va o'sha pul ertaga qutidan chiqib ketadi.
Daromad bu sotuvdan kelgan pul. Xarajat esa do'konni ushlab turish uchun ketgan pul: ijara, xodimlar oyligi, transport, svet, reklama. Ikkalasi yozib borilsa, oy oxirida bitta aniq savolga javob olasiz: do'kon o'zini oqlayaptimi. Foydani hisoblash ham shu raqamlardan boshlanadi.
Do'kon xarajatlarini qaysi kategoriyalarga bo'lish kerak
Ilovada tayyor kategoriyalar bor. Qaysi xarajat qayerga yozilishini boshidan kelishib olsangiz, ayniqsa sotuvchi ham yozadigan bo'lsa, oy oxirida rasm tiniq chiqadi.
| Kategoriya | Nimalar yoziladi |
|---|---|
| Ijara | Do'kon, ombor yoki rasta ijarasi |
| Ish haqi | Sotuvchi, yuk tashuvchi, qorovul oyligi va avansi |
| Tovar xaridi | Tovar uchun qilingan to'lovlar |
| Kommunal | Svet, gaz, suv, internet, telefon |
| Transport | Benzin, taksi, yuk mashinasi |
| Soliq | Soliq to'lovlari |
| Reklama | Banner, e'lon, Telegramdagi reklama |
| Boshqa | Qolgan mayda-chuyda |
O'zingizga kerakli toifani Xarajat kategoriyalari oynasida qo'shish yoki nomini almashtirish mumkin. Kategoriya o'chirilsa, undagi xarajatlar yo'qolmaydi, Kategoriyasizga o'tadi.
Xarajatni telefonda qanday yozish
- Bosh sahifada Xarajatlar bo'limini oching.
- Xarajat qo'shishni bosing.
- Summani yozing, kerak bo'lsa valyutani dollarga o'zgartiring.
- Kategoriyani tanlang va izohga qisqa yozing, masalan «Benzin».
- Sanani tekshiring: pul kecha yoki o'tgan hafta to'langan bo'lsa, o'sha kunni qo'ying.
- To'lov usulini belgilang: Naqd, Karta, P2P yoki Boshqa.
- Saqlashni bosing. Xarajat ro'yxatga va kategoriya jamiga qo'shiladi.
Kassadagi chiqim bilan xarajatning farqi
Kassada ham Chiqim tugmasi bor, shuning uchun ko'pchilik qayerga yozishni bilmay qoladi. Ikkalasidan ham pul chiqadi, lekin natijasi boshqa.
Kassadagi Chiqim
- Kassadan pul chiqadi
- Xarajatlarga tushmaydi
- Hisobotda xarajat emas
Xarajat qo'shish
- Kassadan ham chiqadi
- Kategoriyada jamlanadi
- Hisobotda xarajat bo'ladi
Qoida oddiy: do'kon xarajatini Xarajatlar bo'limidan yozing. Naqd, karta yoki P2P tanlangan bo'lsa, summa o'sha usul kassasidan o'zi chiqadi, uni kassaga qayta yozish shart emas, aks holda pul ikki marta ayriladi. Boshqa usuli kassaga tegmaydi: masalan, xarajatni o'z cho'ntagingizdan to'lagan bo'lsangiz. Xarajatni o'chirsangiz, kassadagi yozuvi ham birga o'chadi.
Pul qayerga ketayotganini qanday ko'rish mumkin
Xarajatlar ekranining tepasida tanlangan oy uchun Jami xarajatlar va yirik kategoriyalar turadi, oylar orasida strelka bilan o'tasiz. Aniqroq savolga javob kerak bo'lsa, Filtrlar yordam beradi:
- Davr: bugun, oxirgi 7 kun, bu oy yoki o'zingiz tanlagan sana oralig'i.
- Kategoriya: masalan, faqat Transport yoki faqat Ijara.
- To'lov turi va summa: masalan, faqat naqd yoki 500 000 so'mdan katta xarajatlar.
- Qidiruv va saralash: kerakli yozuvni topish, eng katta summadan boshlab ko'rish.
- Hujjat: tanlangan ro'yxatni PDF yoki rasm qilib yuklab olish va buxgalterga yuborish.
So'm va dollardagi xarajatlar alohida jamlanadi, bir-biriga qo'shilmaydi.
Xodimlar oyligi xarajatga o'zi tushadi
Xodimlarni ilovada yuritsangiz, oylik va avansni ikkinchi marta xarajatga yozish shart emas. Xodim kartasida to'lov qilsangiz, summa Ish haqi kategoriyasiga o'zi tushadi va tanlangan to'lov usuli bo'yicha kassadan chiqadi. Hisoblangan oylik, bonus va jarima xarajat bo'lmaydi: faqat qo'lga berilgan pul yoziladi. Bu Biznes tarifidan ishlaydi, batafsili: ish haqi hisobi.
Xarajat hisobini yuritishda foydali odatlar
- Shu kuni yozing. Benzin, taksi, choy-non kabi mayda xarajatlar ertasi kuni esdan chiqadi, hisobdan aynan shular tushib qoladi.
- Shaxsiy pulni aralashtirmang. Do'kondan uyga olgan pulingiz do'kon xarajati emas. Uni alohida kategoriya qilib yozsangiz, oy oxirida o'zingizga qancha olganingiz ko'rinadi.
- «Boshqa»ni kuzating. Bu kategoriya kattalashib ketsa, ichidan alohida kategoriya ajrating.
- Oyni oyga solishtiring. O'tgan oyga nisbatan oshgan kategoriya pul qayerdan sizib chiqayotganini ko'rsatadi.
- Tovar xaridini ikki marta ayirmang. Tan narxi kiritilgan tovar sotilganda uning narxi foydadan allaqachon ayrilgan. Sof foydani hisoblaganda «Tovar xaridi»ni xarajatlardan chiqarib qo'ying.
Xarajatlar bo'limi Start tarifidan ishlaydi. Yangi foydalanuvchilar uni 7 kunlik bepul sinov davrida ishlatib ko'rishi mumkin.
Ko'p so'raladigan savollar
Do'kon xarajatlarini qanday hisoblash kerak?
Har bir to'lovni shu kuni kategoriyasi bilan yozing: ijara, oylik, transport va boshqalar. Oy oxirida ilova jami summani va har bir kategoriya ulushini ko'rsatadi.
O'zimga kerakli kategoriya qo'shsa bo'ladimi?
Ha. Xarajat kategoriyalari oynasida yangisini qo'shasiz yoki nomini o'zgartirasiz. O'chirilgan kategoriyaning xarajatlari Kategoriyasizga o'tadi.
Kassadagi Chiqim bilan Xarajatning farqi nima?
Xarajat kassadan ham chiqadi, kategoriyada ham jamlanadi va hisobotda ko'rinadi. Kassadagi Chiqim esa faqat kassadan pulni ayiradi, xarajatlar ro'yxatiga tushmaydi.
O'tgan oy xarajatini keyin yozsa bo'ladimi?
Ha. Formada sanani o'sha kunga o'zgartiring: xarajat o'z oyining hisobiga tushadi.
Xarajatlar ro'yxatini buxgalterga qanday beraman?
Kerakli davr va kategoriyani tanlab, ekrandagi yuklash belgisini bosing. Ro'yxat PDF yoki rasm bo'lib chiqadi, uni chop etasiz yoki yuborasiz.