Qarz Daftari Русский Kirish

Ombor hisobini yuritish: kirim, chiqim va qoldiq telefonda

7 daqiqa o'qish Tarif: Savdo

Ombor hisobi — do'konga qancha tovar kirgani, qanchasi chiqqani va hozir javonda nima qolganini aniq bilish. Daftarda bu uch raqam bir-ikki oyda haqiqatdan uzoqlashadi: tovar bor deb turasiz, mijoz so'raganda yo'q chiqadi. Quyida kirimni yozish, tovarni hisobdan chiqarish, qoldiq va yaroqlilik muddatini telefonda kuzatishni Qarz Daftari ilovasining haqiqiy ekranlari bilan ko'rsatamiz.

Mundarija
  1. Ombor hisobi nima uchun kerak?
  2. Qoldiqni nimalar o'zgartiradi
  3. Tovar kirimini telefonda yozish
  4. Narx o'zgarsa, tan narxi qanday hisoblanadi
  5. Chiqim: sotuv o'zi ayiradi, qolganini siz yozasiz
  6. Qoldiq va ombordagi pulni qayerdan ko'rasiz
  7. Tovar tugashini oldindan bilish
  8. Yaroqlilik muddatini nazorat qilish
  9. Yo'qotishni kamaytiradigan besh odat

Ombor hisobi nima uchun kerak?

Ko'p do'kon egasi omborni ko'z bilan boshqaradi: javonga qaraydi, kamaygan narsani bozordan olib keladi. Tovar turi ellikdan oshgach, bu usul ishlamay qoladi. Hisob bo'lmasa, uchta savolga javob topolmaysiz: nimani buyurtma qilish kerak, pulingiz qaysi tovarda qotib turibdi va yo'qolgan tovar qayerga ketdi.

Hisobning asosi bitta formula: qoldiq = kirim − chiqim. Tovar kelsa qoldiq oshadi, sotilsa yoki buzilsa kamayadi. Har bir harakat yozib borilsa, do'konni sanamasdan ham nima qancha borligini bilasiz.

Un, noyabr oyi

  • Oy boshida40 qop
  • Kirim+ 100 qop
  • Sotildi− 120 qop
  • Mijoz qaytardi+ 2 qop
  • Yirtilgan qop− 2 qop

Oy oxirida20 qop

40 + 100 − 120 + 2 − 2 = 20 qop

Bitta tovarning bir oylik harakati (namuna).

Qoldiqni nimalar o'zgartiradi

Ilovada ombor savdodan ajralgan emas: har bir amal qoldiqqa o'zi ta'sir qiladi. Kassada sotsangiz yoki nasiyaga ro'yxatdan tovar tanlasangiz, qoldiq o'zi kamayadi. Mijoz tovarni qaytarsa, yaroqlisi omborga qaytib tushadi. Hujjatni tahrirlasangiz yoki o'chirsangiz, qoldiq ham unga qarab to'g'rilanadi.

Ombor
  • Kirim
  • Sotuv
  • Nasiya
  • Qaytarish
  • Hisobdan chiqarish
  • Inventarizatsiya
Ombor qoldig'ini o'zgartiradigan amallar.

Bitta tovar bo'yicha hamma kirim-chiqim mahsulot kartasidagi Harakatlar tarixida sanasi bilan turadi. Qoldiq shubhali ko'rinsa, sababini shu yerdan topasiz.

Tovar kirimini telefonda yozish

  1. Menyudan Ombor · kirim bo'limini oching, Kirimlar yorlig'iga o'ting va yuqoridagi + tugmasini bosing.
  2. Yetkazib beruvchini tanlash orqali tovar kimdan kelganini belgilang. Bozordan o'zingiz olgan bo'lsangiz, bu qatorni bo'sh qoldirasiz.
  3. Mahsulot qo'shishni bosib, tovarni qidiruvdan toping. Ro'yxatda yo'q bo'lsa, shu yerning o'zida yangi mahsulot ochasiz.
  4. Soni va Tan narxini yozib, Qo'shishni bosing. Boshqa tovarlar ham kelgan bo'lsa, xuddi shunday davom eting.
  5. Saqlashni bosing: qoldiq o'zi oshadi, kirim esa ro'yxatda raqami bilan turadi.
Video dars 12 Omborga tovar kirimi Telegram'da ko'rish YouTube'da ochish
Qarz Daftari ilovasida yangi tovar kirimi: yetkazib beruvchi, pozitsiya, soni va jami summa
Yangi kirim: kimdan keldi, nima keldi, qancha turadi.
Saqlangan kirim kartasi: pozitsiyalar, to'langan summa, qoldiq qarz va nakladnoy surati
Kirim kartasi: to'lov va qog'oz nakladnoy surati.

Kirim kartasida To'langan va Qoldiq qatorlari bor. Tovarni qarzga olgan bo'lsangiz, pul berganingizda Yetkazish uchun to'lov orqali yozasiz, qog'oz nakladnoyni esa Surat qo'shish bilan biriktirib qo'yasiz. Kimga qancha qarzingiz borligini yetkazib beruvchilar hisobi ko'rsatadi.

Narx o'zgarsa, tan narxi qanday hisoblanadi

Bir tovar har safar har xil narxda keladi. Kartaga oxirgi narxni yozib qo'ysangiz, oldingi arzon partiyaning foydasi noto'g'ri chiqadi. Shuning uchun kirim mahsulot kartasidagi tan narxini o'rtacha qilib qo'yadi: ombordagi qoldiq eski narxda, yangi kelgani yangi narxda hisoblanadi.

Ikki partiya, bitta tovar

  • Omborda: 10 × 10 000100 000
  • Keldi: 10 × 12 000120 000
  • Jami: 20 dona220 000

O'rtacha tan narxi11 000

220 000 ÷ 20 = 11 000 so'm

O'rtacha tan narxi hisobi (namuna).

Keyingi kirim formasi esa o'rtachani emas, oxirgi kirim narxini taklif qiladi: yetkazib beruvchi yana 12 000 so'm so'rasa, hisobga ham shu narx tushadi. Oldin sotilgan cheklar qayta hisoblanmaydi.

Chiqim: sotuv o'zi ayiradi, qolganini siz yozasiz

Sotilgan tovarni alohida chiqim qilish shart emas. Lekin tovar sotuvsiz ham chiqib ketadi: tuxum sinadi, sut buziladi, bir quti choy uyga ketadi. Bunday chiqimni Hisobdan chiqarish yorlig'ida Tovarni hisobdan chiqarish tugmasi bilan yozasiz: sababni tanlaysiz, tovar va sonini kiritasiz, ilova Zarar summasini tan narxidan o'zi hisoblaydi.

SababQachon tanlanadi
BrakTovar nuqsonli kelgan
Muddati o'tganYaroqlilik muddati tugagan
Sinngan, buzilganTuxum sindi, qop yirtildi
KamomadSanaganda yetmay chiqdi
O'zimiz uchunUyga yoki do'kon ehtiyojiga olindi
Yetkazib beruvchiga qaytarildiTovar egasiga qaytarildi

Sabab bilan yozilgan chiqimning nafi oy oxirida bilinadi: 30 kunda hisobdan chiqarildi qatorida qancha pul yo'qotganingiz va bu tushumning necha foizi ekani ko'rinadi.

Qoldiq va ombordagi pulni qayerdan ko'rasiz

Qoldiq yorlig'ida ikki ko'rinish bor. Nima qancha har bir tovarning sonini ro'yxat qilib beradi. Umumiy esa ombordagi pulni ko'rsatadi: tovar necha pulga olingan, Hammasi sotilsa qancha tushadi, Kutilayotgan foyda va Ustama qancha.

Ombor qoldig'i ekrani: ombordagi tovar summasi, kutilayotgan foyda, ustama va nimaga qarash kerak bloki
Umumiy ko'rinish: ombordagi pul va kutilayotgan foyda.

Nimaga qarash kerak blokida tugayotgan, qolmagan, muddati o'tgan va uzoq vaqt sotilmayotgan tovarlar sanab turiladi. Aylanma yorlig'i esa nima tez ketayotganini va nima turib qolganini ajratib beradi. Yuqoridagi hisobot belgisi Davr bo'yicha harakatni ochadi: davr boshidagi qoldiq, kirim, chiqim va oxiridagi qoldiq.

Ombordagi pul, so'm

  • Un12 000 000
  • Yog'8 000 000
  • Shakar5 000 000
  • Choy3 000 000
Namuna: ombordagi pul qaysi tovarlarda turibdi.

Shu ro'yxat ba'zan kutilmagan gapni aytadi: pulning katta qismi sekin sotilayotgan tovarda turgan bo'ladi. Bunday tovarni keyingi safar kamroq oling yoki chegirma bilan sotib, pulni aylanmaga qaytaring.

Tovar tugashini oldindan bilish

Tovar tugaganini mijozdan eshitish — qo'ldan ketgan savdo. Mahsulotni tahrirlaganda Eng kam qoldiqni yozsangiz, shu chegaraga tushgan tovar Buyurtma qilish vaqti ro'yxatiga o'tadi. Yozmasangiz ham bo'ladi: ilova oxirgi oydagi sotuv tezligiga qarab necha kunga yetishini va qancha olish kerakligini o'zi hisoblaydi.

Tugayotgan tovar bo'lsa, ertalab telefoningizga Tovar tugayapti xabari keladi, unda qaysi tovar necha kunga yetishi yoziladi. Ro'yxat o'zgarmagan bo'lsa, xabar har kuni takrorlanib bezovta qilmaydi.

Yaroqlilik muddatini nazorat qilish

Oziq-ovqat, dori yoki kosmetika sotsangiz, muddati o'tgan tovar to'g'ridan-to'g'ri zarar. Mahsulotni qo'shganda yoki tahrirlaganda Yaroqlilik muddatini yoqib, sanani kiritasiz. Yaroqlilik muddatlari bo'limi tovarlarni Barchasi, Tez orada va Muddati o'tgan yorliqlariga ajratadi. Kassada muddati o'tgan tovar skanerlansa, Diqqat: muddati o'tgan degan ogohlantirish chiqadi.

Video dars 34 Yaroqlilik muddatlari Telegram'da ko'rish YouTube'da ochish
Yaroqlilik muddatlari ro'yxati: muddati o'tgan va bugun tugaydigan mahsulotlar
Muddati o'tgan va tugayotgan tovarlar bitta ro'yxatda.

Muddati yaqinlashgan tovarni javonning oldiga suring yoki chegirma bilan soting. Muddati o'tganini esa hisobdan chiqaring: zarar ko'rinadi va tovar qoldiqda yolg'on raqam bo'lib turmaydi.

Yo'qotishni kamaytiradigan besh odat

  • Kirimni tovar kelgan kuni yozing. Kechiktirsangiz, sotuv oldinga o'tib ketadi va qoldiq minusga tushadi.
  • Har bir chiqimga sabab qo'ying. Sababsiz yo'qolgan tovarni bir oydan keyin hech kim eslay olmaydi.
  • Bir tovarni bir nom bilan saqlang. «Un 1-nav» va «1 nav un» ikki tovar bo'lib ketsa, qoldiq ham ikkiga bo'linadi.
  • Tovarga kod qo'ying. Skaner bilan sotuvchi o'xshash tovarni adashtirmaydi: shtrix-kod va yorliqlar.
  • Vaqti-vaqti bilan sanab chiqing. Hisob bilan javon orasidagi farqni faqat sanash ko'rsatadi: inventarizatsiya qanday o'tkaziladi.

Sotuvchilar yo'q tovarni chekka yozib yubormasin desangiz, do'kon sozlamalarida Qoldiqdan ortiq sotmaslikni yoqing. Dastlab u o'chirilgan turadi, chunki ko'p do'konlar kirimni sotuvdan keyin yozadi.

Ombor hisobi Savdo tarifida va undan yuqorida ishlaydi. Yangi foydalanuvchilar uni 7 kunlik bepul sinovda ishlatib ko'rishi mumkin.

Ko'p so'raladigan savollar

Ombor hisobini telefonda yuritsa bo'ladimi?

Ha. Qarz Daftari iPhone, Android va brauzerda ishlaydi, ma'lumotlar hisobingizda saqlanadi: kirimni telefonda yozib, hisobotni kompyuterda ko'rishingiz mumkin.

Sotilgan tovar ombordan o'zi ayiriladimi?

Ha, agar tovar mahsulotlar ro'yxatidan tanlangan bo'lsa. Chekka qo'lda yozilgan nom omborga ta'sir qilmaydi.

Kirimni xato yozsam nima qilaman?

Kirimni ochib tahrirlaysiz yoki o'chirasiz, qoldiq o'zi to'g'rilanadi.

Ikki do'konim bitta ombordan ishlay oladimi?

Ha. Do'kon sozlamalaridagi Ombor bo'limida ikkinchi do'konni birinchisining omboriga ulaysiz. Tovar va qoldiq umumiy bo'ladi, kassa, mijozlar va qarzlar har do'konda alohida qoladi. Ulanadigan do'konda o'z tovarlari bo'lmasligi kerak.

Ombor hisobi qaysi tarifda ishlaydi?

Savdo tarifida va undan yuqorida. Yangi foydalanuvchilar uni 7 kunlik bepul sinovda ishlatib ko'rishi mumkin.