Mundarija
Qarz nega qaytmay qoladi
Ko'p hollarda mijoz yomon niyatli emas. Pul topganda to'lamoqchi bo'lgan, keyin esdan chiqqan yoki boshqa xarajatlar oldinga o'tib ketgan. Aniq sana aytilmagan qarz esa hech qachon «kechikkan» bo'lmaydi: qachon berish kerakligini na mijoz biladi, na siz.
Shuning uchun qarzni undirish u kechikkanda emas, qarz berilgan paytda boshlanadi. O'sha zahoti uchta ishni qiling.
- Telefon raqamini yozing. Raqam bo'lmasa, na SMS ketadi, na qo'ng'iroq.
- Sanani so'rang. «Qachon berasiz?» degan savol qarz olayotganda oson, keyin qiyin. Ilovada Qaytarish sanasini ko'rsatishni yoqib, o'sha kunni belgilang.
- Izoh yozing. Nima olgani yozilgan bo'lsa, keyin «men bunaqa olmaganman» degan gap chiqmaydi. Katta summada tilxat yoki nakladnoy suratini yozuvga biriktiring.
Muddati o'tgan qarzlarni qanday topish mumkin
Asosiy sahifadagi Qarzlar plitkasida muddati o'tganlar soni turadi. Uni bossangiz, Muddat o'tgan qarzlar ro'yxati ochiladi: kim, qaysi qarz va necha kun kechikkani ko'rinadi, eng eskisi tepada. Ismni bosib, to'g'ri mijoz kartasiga o'tasiz.
Mijozlar bo'limida ham Muddati o'tgan filtri va Avval muddati o'tganlar saralashi bor. Shu qarzdorlar ro'yxatini PDF, rasm yoki Excel qilib olish mumkin: masalan, ertalab kimga qo'ng'iroq qilishni bir varaqqa chiqarib qo'yasiz.
Bugun muddati kelgan qarz hali kechikkan hisoblanmaydi, u ertasiga ro'yxatga tushadi. Qaytarish kuni ertalab esa ilova sizga bildirishnoma yuboradi, shunda o'sha kuniyoq mijozga aytib qo'yasiz.
To'lov qaysi qarzni yopadi
Mijoz odatda alohida qarz uchun emas, «mana, 350 ming» deb umumiy pul beradi. Ilova bunday to'lovni eng eski qarzdan boshlab yopadi va kechikkan deb faqat to'lanmay qolgan qismni hisoblaydi. Eski qarzini yopib, yangi qarz olgan odam muddati o'tganlar qatoriga tushmaydi, siz esa unga bekorga qo'ng'iroq qilmaysiz.
Karim aka, 350 000 to'lagandan keyin
- 1-oktabr qarzi To'landi 300 000
- 10-oktabr qarzi Kechikdi 200 000 150 000 qoldi
- 25-oktabr qarzi 100 000 muddati 15-dekabr
Jami qarz250 000
Eslatish tartibi: birinchi kundan bir oygacha
Birdaniga qattiq gapirish ham, oylab jim turish ham foyda bermaydi. Bosqichma-bosqich boring: har bir qadam avvalgisidan biroz jiddiyroq bo'lsin. Muddatlarni do'koningizga qarab o'zgartirishingiz mumkin.
- Muddat kuniSMS eslatma
- 3 kun o'tdiRobot qo'ng'iroq
- 1 hafta o'tdiO'zingiz telefon qiling
- 2 hafta o'tdiUchrashing, yangi sana oling
- 1 oy o'tdiYangi qarz bermang
Birinchi ikki qadamni ilovaga topshirasiz: SMS eslatma va robot qo'ng'iroq bir marta sozlanadi, keyin o'zi ishlaydi. Sozlash barcha tariflarda ochiq, SMS va qo'ng'iroqlar esa paketdan yechiladi. Siz vaqtingizni faqat rostdan gaplashish kerak bo'lgan odamlarga sarflaysiz.
Qarzdorlarga bir bosishda eslatish
Jadvalni kutmay, shu bugun eslatmoqchi bo'lsangiz, asosiy sahifada Qarzdorlarga hoziroq eslatma plitkasi bor.
- Qanday eslatamiz bandida SMS, qo'ng'iroq yoki ikkalasini tanlang.
- Kimga eslatamiz bandida guruhni tanlang: muddati o'tganlar, muddati bugun, qaytarish sanasi bor yoki yo'q, barcha qarzdorlar yoki o'zingiz tanlaganlar.
- Pastda kimga ketishi va har birining qarzini tekshiring. Bu eslatma istisnolar ro'yxatiga qaramaydi: shaxsan kelishgan odamingiz guruhda bo'lsa, unga ham boradi, bunday holda O'zim tanlaymandan foydalaning.
- Yuborishni boshlashni bosing. Eslatmalar ketma-ket ketadi, natija shu yerda ko'rinadi, kerak bo'lsa, To'xtatish mumkin.
Hoziroq eslatish uchun avval SMS yoki qo'ng'iroq sozlamalarini to'ldirish kerak va tanlangan kanal paketida qoldiq bo'lishi shart. Eslatmalar bosgan zahotingiz ketadi va soatga qaramaydi, shuning uchun ularni kunduzi ishga tushiring.
Qarzdor bilan qanday gaplashish kerak
- Aniq raqamdan boshlang. «Qarzingiz bor edi» emas, «oktabrda olgan 250 ming so'mingiz qoldi» deng. Aniq summa bahsni kamaytiradi.
- Yakkama-yakka gaplashing. Boshqa xaridorlar yoki qo'shnilar oldida so'ramang. Odamni uyaltirgan bilan pul tezroq kelmaydi, mijoz esa qaytib kelmaydi.
- Bo'lib to'lashni taklif qiling. Birdaniga 2 million topolmagan odam haftasiga 200 mingdan berishi mumkin. Har bir to'lovni yozib boring.
- Yangi sana bilan tugating. Har suhbat aniq kun bilan yakunlansin, shu kunni qarz yozuvidagi qaytarish sanasiga kiriting.
- Yangi qarzni to'xtating. Eski qarzi yopilmaguncha yangisini bermaslikni o'zingizga qoida qilib oling.
- Bosim o'tkazmang. Kechasi qo'ng'iroq qilish, qo'rqitish yoki ismini ijtimoiy tarmoqqa chiqarish muammoni o'zingizga qaytaradi.
Gap bilan hal bo'lmasa
Summa katta bo'lib, mijoz umuman javob bermay qo'ysa, qo'lingizdagi dalillarni yig'ing: qarz yozuvlari, sanalar, izohlar, tilxat suratlari. Mijoz kartasidan hisobotni PDF qilib olsangiz, qachon qancha olgani va qancha to'lagani bitta hujjatda bo'ladi. Keyingi qadamni yurist bilan maslahatlashib tanlang: har bir holat o'ziga xos.
Ko'p so'raladigan savollar
Qarzdor qarzini bermasa nima qilish kerak?
Avval eslating: SMS, qo'ng'iroq, keyin shaxsan gaplashib, yangi aniq sana oling. Bo'lib to'lashni taklif qiling va eski qarz yopilmaguncha yangisini bermang. Summa katta bo'lsa, dalillarni yig'ib, yurist bilan maslahatlashing.
Muddati o'tgan qarzlar ro'yxatini qayerdan ko'raman?
Asosiy sahifadagi Qarzlar plitkasidan yoki Mijozlar bo'limidagi Muddati o'tgan filtridan. Ro'yxatni PDF, rasm yoki Excelga chiqarish mumkin.
Mijoz qisman to'lasa, qarz kechikkan hisoblanadimi?
To'lov eng eski qarzdan boshlab yopiladi. Kechikkan deb faqat muddati o'tib, to'lanmay qolgan qism hisoblanadi.
Hoziroq eslatma pullikmi?
Bo'limning o'zi barcha tariflarda bor, lekin yuboriladigan SMS va qo'ng'iroqlar paketdan yechiladi.
Qarzga sana qo'ymasam, eslatma boradimi?
Ha, siz belgilagan pauzadan keyin jadval bo'yicha boradi. Lekin bunday qarz muddati o'tganlar ro'yxatiga hech qachon tushmaydi, shuning uchun sana qo'ygan ma'qul.