Mundarija
- Termoprinter nima va nega ESC/POS kerak
- Qaysi printerlar ishlaydi: tekshirilgan modellar
- iPhone va Android: printer har xil ulanadi
- 58 mm yoki 80 mm lenta: qaysi birini olish kerak
- Printerni telefonga ulash: qadamma-qadam
- Chek qayerdan chiqadi
- Shtrix-kodli etiketka chiqarish
- Printer chek chiqarmayapti: nima qilish kerak
- Kompyuterdan chek chiqarish
Termoprinter nima va nega ESC/POS kerak
Termoprinter siyohsiz ishlaydi: issiqlik bilan maxsus lentaga yozadi. Kartrij almashtirilmaydi, faqat lenta olasiz, o'zi kichkina, chekni bir zumda chiqaradi. Shuning uchun do'kon, oshxona va mobil savdoda aynan shu printer ishlatiladi.
Tanlashda asosiy so'z — ESC/POS. Bu chek printerlarining umumiy tili: ilova chekni shu tilda yuboradi. ESC/POS tushunadigan Bluetooth printerlar odatda mos keladi. Ba'zi arzon printerlar esa faqat o'z ilovasi bilan, o'z protokolida ishlaydi va boshqa dasturdan kelgan chekni chiqarmaydi. Sotib olishdan oldin sotuvchidan so'rang: «ESC/POS bormi?»
Qaysi printerlar ishlaydi: tekshirilgan modellar
Bu modellar do'konlarda haqiqatda sinovdan o'tgan:
| Model | Lenta | Aloqa | Qayerda tekshirilgan | Natija |
|---|---|---|---|---|
| Xprinter M817 | 80 mm | Bluetooth, USB | Android | Ishlaydi |
| MHT-P8001 | 80 mm | Bluetooth (BLE), USB | iPhone | Ishlaydi |
| AIYIN B21 | 58 mm | Bluetooth | Android | Mos emas |
AIYIN B21 ilova bilan ishlamaydi: u o'z protokolida ishlaydi, ESC/POS emas, shuning uchun chek chiqmaydi. Ro'yxatda yo'q printer ham ishlashi mumkin: asosiysi, ESC/POS bo'lsin. Ilovadagi Sozlamalar → Printerlar ekranida Tekshirilgan modellar bo'limi bor, yangi modellar o'sha yerga qo'shib boriladi.
iPhone va Android: printer har xil ulanadi
Android
- Oddiy Bluetooth
- Avval telefon sozlamasida ulanadi
- Keyin ilova ro'yxatida chiqadi
iPhone
- Faqat Bluetooth LE (BLE)
- Telefon sozlamasi shart emas
- Ilovaning o'zida topiladi
Ko'pchilik iPhone'da adashadi. iPhone oddiy Bluetooth printerlarni tashqi ilovalarga ochmaydi, u faqat Bluetooth LE (BLE) orqali ishlaydi. iPhone ishlatsangiz, printer qutisida BLE yozuvini qidiring yoki sotuvchidan so'rang. Android esa oddiy Bluetooth bilan ishlaydi. Do'koningizda ikkala telefon ham bo'lsa, ikkala rejimni qo'llaydigan printer oling.
58 mm yoki 80 mm lenta: qaysi birini olish kerak
Ilova ikkala lentaga ham chiqaradi. Farqi bir qatorga qancha harf sig'ishida:
- 58 mm — kichik do'kon, tovar nomlari qisqa. Printer ixcham, ko'tarib yurishga qulay.
- 80 mm — market va ulgurji savdo, nomi uzun tovarlar. Chek o'qishga qulay, logotip va QR-kod uchun joy ko'p.
Printerni telefonga ulash: qadamma-qadam
- Printerni yoqing va lenta soling. Telefonda Bluetooth yoqilgan bo'lsin.
- Androidda avval telefonning Bluetooth sozlamalarida printerni ulang. iPhoneda bu qadam kerak emas.
- Ilovada Sozlamalar → Printerlar bo'limini oching va Printer qo'shishni bosing (Android'da + tugmasi).
- Ro'yxatdan printeringizni tanlang.
- Lenta kengligini belgilang: 58 yoki 80 mm.
- Cheklarni chop etishni yoqing. Chek har sotuvdan keyin o'zi chiqishi uchun Sotuvdan keyin darhol chop etishni ham yoqing.
- Sinov chop etishni bosing. Qog'oz chiqdimi, Saqlashni bosing.
Chek qayerdan chiqadi
Printer sozlangach, Sotuvdan keyin darhol chop etish yoqilgan bo'lsa, kassada Rasmiylashtirishni bosishingiz bilan chek o'zi chiqadi. Qo'lda chiqarish ham mumkin:
- POS sotuv ekranining tepasida oxirgi chek raqami turadi: bossangiz, chek qayta chiqadi.
- Sotuv kartasida Chekni chop etish tugmasi paydo bo'ladi.
- Printer ulanmagan bo'lsa, Xaridorga chek PDF-chekni ochadi: uni yuborasiz yoki oddiy printerda chiqarasiz.
Chek ko'rinishini Hujjat shablonlarida tanlaysiz: Oddiy, Logotipli (tepada logotip, pastda QR-kodlar va telefon) yoki Jadval. Bluetooth printer ham shu shablonga amal qiladi, logotip va QR-kod rasm bo'lib bosiladi. Jadval esa lentada oddiy chekdek, qator raqamlari bilan chiqadi.
Lentada o'zbekcha kirill harflaridan Қ, Ғ, Ҳ oddiy К, Г, Х bo'lib chiqadi. A4 yoki A5 hujjat kerak bo'lsa, u termoprinterda emas, oddiy printerda chiqadi: bu haqda nakladnoy maqolasida yozganmiz.
Shtrix-kodli etiketka chiqarish
Chek printeri yorliq ham chiqaradi. Printer sozlamasida Yorliqlarni chop etish yoqilgan bo'lsa, o'sha nomdagi bo'limda Printerda chop etish tugmasi paydo bo'ladi. Yorliqda tovar nomi, narxi va shtrix-kod bo'ladi. Shtrix-kod chiqmasa yoki skaner o'qimasa, printer sozlamasida Rasm bilan usulini tanlang. Yorliq tayyorlash haqida to'liq shtrix-kod va etiketka maqolasida.
O'z tilida (TSPL) ishlaydigan yorliq printerlari bu yo'l bilan chiqarmaydi: ularga PDF ochib chop etasiz.
Printer chek chiqarmayapti: nima qilish kerak
| Nima bo'ldi | Sababi | Nima qilasiz |
|---|---|---|
| Android: printer ro'yxatda yo'q | Telefon sozlamasida ulanmagan | Bluetooth sozlamasida ulang va Ro'yxatni yangilashni bosing |
| iPhone: printer topilmadi | O'chiq, uzoqda yoki boshqa ilovaga ulangan | Yoqing, yaqin keltiring, o'sha ilovani yoping |
| iPhone: sinov cheki chiqmadi | Printer boshqa yo'l bilan qabul qiladi | Chek chiqmadi — boshqa usulni bosing |
| Lenta chiqadi, lekin bo'sh | Termolenta teskari qo'yilgan | Rulonni ag'darib soling |
| Bluetooth uchun ruxsat so'raydi | Ruxsat berilmagan | Telefon sozlamalarida ilovaga ruxsat bering |
| Hech narsa yordam bermadi | Printer ESC/POS tushunmasligi mumkin | Printerlar ekranidagi Printer ishlamadi — yozing orqali bizga yozing |
Kompyuterdan chek chiqarish
Veb-versiyada alohida printer ekrani yo'q: chek brauzer orqali kompyuterga ulangan printerga chiqadi. Kassada Chekni darrov chop etish belgisini qo'ysangiz, to'lovdan keyin chop etish oynasi o'zi ochiladi.
Chek chiqarish Savdo tarifidan boshlab ishlaydi, chunki chek sotuvdan chiqadi. Yangi foydalanuvchilar uni 7 kunlik bepul sinov davrida ishlatib ko'rishi mumkin.
Ko'p so'raladigan savollar
Telefonga qaysi chek printeri ulanadi?
ESC/POS tushunadigan Bluetooth termoprinterlar. Tekshirilganlari: Xprinter M817 (Android) va MHT-P8001 (iPhone). AIYIN B21 mos emas.
iPhone'ga Bluetooth printer ulanadimi?
Ha, lekin faqat Bluetooth LE (BLE) qo'llaydigan printer. Uni telefon sozlamasida ulash shart emas: ilovaning o'zida topiladi.
58 mm yoki 80 mm: qaysi biri kerak?
Kichik do'konga 58 mm yetadi. Nomi uzun tovarlar va ulgurji savdoda 80 mm qulayroq: qatorga 48 belgi sig'adi.
Printer bo'lmasa, xaridorga chek bera olamanmi?
Ha. Chekni SMS (SIM-kartangizdan, paket sarflanmaydi), Telegram, WhatsApp yoki PDF qilib yuborasiz.
Xodim o'z telefonidan chek chiqara oladimi?
Ha. Sotuvga ruxsati bor xodim mini-ilovadagi Printerlar bo'limida printerni ulaydi. Sozlama har bir telefonda alohida saqlanadi.
Bu chek fiskal chekmi?
Yo'q, bu do'kon va xaridor o'rtasidagi hisob uchun chek. Onlayn nazorat-kassa talablarini buxgalteringizdan so'rang.